Marketing strategiyasi

  • Google yoki Yandex: B2B uchun O’zbekistonda qaysi qidiruv tizimlarida reklama bergan afzal?

    Google yoki Yandex: B2B uchun O’zbekistonda qaysi qidiruv tizimlarida reklama bergan afzal?

    Kirish

    Qidiruv reklamasi, to’liqroq qilib aytadigan bo’lsak, Google yoki Yandex kabi qidiruv natijalarida chiqadigan reklama turi – bu B2B biznes uchun, biznes kengayishga tayyor bo’lganda yoki “tez sotuvlar” kerak bo’lganda, eng birinchi navbatda yo’lga qo’yilishi mumkin bo’lgan samarali reklama turlaridan biri desak mubolag‘a bo’lmaydi. 

    Shu o’rinda «tez sotuvlar” iborasiga biroz izoh berib o’tamiz. B2B uchun “tez sotuvlar” deyilganda nisbatan tez sotuvlar nazarda tutiladi, chunki yodda saqlaymiz, B2B-da umuman olganda sotuvlar tez amalga oshirilmaydi. B2B sohalarida sotuvlar – bu kompleks yondashuv mahsuli. 

    Yana shuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, qidiruv reklamasi bu arzon reklama turi ham emas (hoynahoy operatsion tahlilda – sotuv davri, LTV hisobga olinmaganda), ayniqsa hozirda qidiruv tizimlarida kundan-kunga raqobat oshib borayotgan davrda. Lekin natijasi o’laroq qidiruv reklamasi tekshirilgan “tez sotuv” olib kelishi mumkin bo’lgan targ’ibot kanallarining lideri hisoblanadi, buning boisi qidiruv reklamasi hozirda mavjud bo’lgan ehtiyoj bilan ishlaydi, ya’ni qidiruv e’lonlari odatda foydalanuvchiga “hozirni o’zida” tovar / yoki xizmatlar kerak bo’lganda namoyish qilinadi.

    Ilmiy-amaliy yondashuv uslubida B2B tar’gibotiga oid turkim materiallarni tayyorlashga kirishdik, maqsad – murakkab bo’lgan sohalarda O’zbekistonda marketing tushunchasini ongli darajaga olib chiqish, tadbirkorlarga, ularning biznes turi va joriy holatidan kelib chiqib, targ‘ibot kanallarini tanlovida to‘g‘ri qaror qabul qilishlariga, to‘g‘ri kutuvlarni shakllantirishda, natijalarni to’g’ri baholashda va lid / sotuv rejalarini samaraliroq tuzishda ko’maklashish.

    Ushbu turkum materiallardagi sayohatimizni O’zbekistondagi qidiruv tizimlari ulushi, ularning YoY-dinamikasi, raqobat darajasi, afzallik-kamchiliklari, samarasi, potensiali, UsmonDigital statistik solishtiruvi, hamda O’zbekistonliklar va O’zbekistondagi chet el korxonalari vakillari xulq-atvor patternlari va ularni inobatga olish B2B-da nima afzallik berishini tahlili bilan boshlaymiz. Parvozingiz Siz uchun, Biznesingiz va Jamiyatimiz uchun manfaatli o’tsin!

    Qidiruv tizimlarining O’zbekistondagi taqsimoti

    O’zbekiston miqyosida qidiruv tizimlari deyilganda odatda Google va Yandex qidiruv tizimlari tushuniladi, ushbu bo’limda bu mavzuni biroz kengroq yoritishga harakat qilamiz, aynan hozirda O’zbekistonliklar foydalanayotgan qidiruv tizimlari taqsimoti, ular dinamikasi va statistik manbalarni ko’rib chiqamiz. 

    Qidiruv tizimlariga oid statistik ma’lumotlarni o’rganishda biz odatda Statcounter GlobalStats nomli servisdan foydalanamiz, bu global servis bo’lib, dunyoning barcha mamlakatlari bo’yicha statistikani kuzatib borish imkoniyatini beradi. 

    Demak, Statcounter GlobalStats servis ma’lumotlariga asosan, aprel 2026 holatiga ko’ra, O’zbekistonda hozirda qidiruv tizimlari ulushi quyidagicha shakllangan: 

    • Google: 71,9% 
    • Yandex: 25,6%
    • Bing: 2,0%
    • Qolganlar (DuckDuckGo, Yahoo, Baidu): 0,5%.
    Qidiruv tizimlarining O'zbekistondagi taqsimoti
    Rasm 1. Qidiruv tizimlarining O’zbekistondagi taqsimoti. Manba – Statcounter GlobalStats.

    Yillik o’zgarish dinamikasi (YoY) esa quyidagicha:

    • Google qidiruv tizimi ulushi 76,0% dan 71,9% ga pasaygan: YoY-dinamikasi -5%;
    • Yandex qidiruv tizimi ulushi 22,2% dan 25,6% ga oshgan: YoY-dinamikasi +15%;
    • Bing qidiruv tizimi ulushi 1,4% dan 2,0% ga oshgan: YoY dinamikasi +42%;

    Bing va boshqa qidiruv tizimlari O’zbekistonda hozirda ommalashmaganligini hisobga olib (jami ulushi 2-3%), quyida tahlil, mulohazalarimizni yurtimizda yetakchi bo’lgan Goolge va Yandex qidiruv tizimlari atrofida quramiz.

    Google va Yandex-ning imkoniyatlari solishtiruvi

    Mahalliylashtirish darajasi

    Yandex qidiruv tizimining O’zbekistondagi YoY jadal dinamikasi (+15%) hozirda Yandex yurtimizda o’z servislarini turli xil yo’nalishlarda chuqur integratsiyasi va mahalliylashtirishga harakat qilayotgani sababidan desak xato qilmasak kerak – reklama e’lonlarni o’zbek tilida rasmiy qo’llab-quvvatlanilishi, qo’llab-quvvatlov bo’limlari tezligi va samimiyligi, o‘zbek tilida javob bera oladigan neyrotarmoqqa asoslangan yangi qidiruv tizimini ishga tushirilishi, keng ommalashgan Yandex xaritalari va ko’plab keng ommaga namoyish qilinayotgan ijtimoiy loyihalari shular jumlasidan. Xullas, Yandex O’zbekistonda brending va keng qamrov ustida uzoq muddatli strategiya bilan harakat qilmoqda.

    Google-ga keladigan bo’lsak, bahssiz bu O’zbekistonda hozirda 71,9% ulushi bilan eng ommabop qidiruv tizimi hisoblanadi, lekin bu chuqur mahalliylashtirish darajasi bilan bog’liq emas, bu haqida quyida batafsilroq to’xtalamiz. Google-ning mahalliylashtirish darajasini ko’rib chiqadigan bo’lsak, hozirda bu ko’rsatkich past, lekin bu yo’nalishda Google-ning ham harakatlari yo’q emas.

    Misol tariqasida, Google Qidiruvda o’zbek tilida e’lonlarni namoyish qilish imkoniyati ochilishi o’tgan yildan beri internet tarmog’ida muhokama qilinib boriladi va bizning oxirgi test natijalarimizga ko’ra (Aprel, 2026-yil holatiga ko’ra) Google haqiqatdan ham o’zbek tilini qo’llab-quvvatlashni boshladi, e’lonlarimiz o’zbek tilida o’zbek tilidagi kalit so’zlar bilan moderatsiyadan o’tdi va qidiruvlarda ko’rsatilmoqda:

     Google-da ishga tushirilgan o'zbek tilidagi e'lonlar namunasi
    Rasm 2. Google-da ishga tushirilgan o’zbek tilidagi e’lonlar namunasi.

    Google bu haqda hali rasmiy bayonot qilmaganligi sababi – o’zbek tili hozirda Beta versiyada ishlayotgani bo’lishi mumkin, Alfa-rejimga o’tgandan keyin jonajon ona tilimizni rasmiy Google sahifasida va Google Ads-dagi tilga aloqador instrumentlarida ham kutib qolamiz.

    Google-ni O’zbekistonga intilishi bo’yicha yana bir yorqin misollardan biri: o’tgan hafta (May 2026 boshlarida) bizning reklama agentligimizga Google qo’llab-quvvatlovidan aloqaga chiqishdi, onlayn uchrashuv tashkillashtirildi, Google Ads bo’yicha joriy qiyinchilik va takliflarni muhokama qildik, va e’tibor bering, Google qo’llab-quvvatlov jamoasi va UsmonDigital jamoasi birgalikda savol va qiyinchiliklar bo’yicha tezkor Telegram guruh ishga tushirildi, 9-10 yillik tajribamizda hali bunaqasi bo’lmagan. Va May 2026 yil ikkinchi yarmida Google Ads vakillarini Toshkentga tashrifi ham kutilmoqda.

    Xulq-atvor patternlari

    Xulq-atvor patternlari deganda ayni ushbu maqolamiz mavzusi kesimida internet foydalanuvchilari qidiruv tizimlaridan foydalanish odatlarini nazarda tutmoqdamiz. 

     O’zbekiston bo’yicha yuqoriroqda ta’kidlab o’tilganidek hozirda 71.9% foydalanuvchilar Google-dan, 25.6% foydalanuvchilar Yandex-dan foydalanadi. Endi ushbu ko’rsatkichlarga B2B uchun qiziq va foydali bo’ladigan yana bir nechta ko’rsatkichlarni qo’shamiz, aynan quyidagilarni: O’zbekistonda hozirda faoliyat olib borayotgan mahalliy va chet el tadbirkorlik subyektlari soni, chet el tadbirkorlarining qaysi mamlakatdan kelganligi (TOP-10) va ular uchun odatiy bo’lgan qidiruv tizimlari ulushi.

    Quyidagi jadvalni Aprel 2026-yil ma’lumotlari asosida Milliy statistika qo’mitasi va Statcounter GlobalStats servislaridan foydalangan holda shakllantirdik.  

    №TOP 10 chet el tadbirkorlari kelgan mamlakatlarTadbirkorlik subyektlari soniGoogleYandexBoshqalar liderlar
    0O’zbekiston422 000 ta71.9%25.6%–
    1Xitoy 5 398 ta1.88%10.4%Baidu (44.6%), Bing (22.6%)Haosou (18.3%)
    2Rossiya3 260 ta24.9%73.1%–
    3Turkiya2 186 ta83.0%14.3%–
    4Qozog‘iston1 240 ta70.1%27.0%–
    5Janubiy Koreya714 ta47.3%–Naver (42.5%)
    6Afg‘oniston655 ta95.6%1.4%–
    7Ozarbayjon442 ta85.1%12.2%– 
    8Tojikiston427 ta72.5%25.5%–
    9BAA425 ta95.4%––
    10Hindiston398 ta97.5%––
    Jadval 1. O’zbekistondagi mahalliy va chet el TOP-10 tadbirkorlik subyektlari va mamlakatlari aro qidiruv tizimlari taqsimoti.

    Yana bir B2B uchun foydali bo’ladigan statistik ma’lumotlar bilan bo’lishamiz, bu hozirda O’zbekistonda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyetklatirini biznes turlari bo’yicha taqsimoti:

    №Iqtisodiy faoliyat turlariTadbirkorlik subyektlari
    1Savdo157 422
    2Sanoat60 860
    3Qishloq, o’rmon va baliqchilik xo’jaligi36 926
    4Yashash va ovqatlanish bo’yicha xizmatlar31 658
    5Qurilish31 142
    6Tashish va saqlash17 824
    7Axborot va aloqa12 269
    8Sog’liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko’rsatish10 706
    9Boshqa turlar63 185
    Jadval 2. O‘zbekiston Respublikasida korxona va tashkilotlar demografiyasi bo‘yicha maʼlumotlar. Manba: Milliy statistika qo’mitasi hisoboti (14.04.2026).

    Ushbu ma’lumotlarni B2B yo’nalishlari targ’ibotida inobatga olishning foydalari:

    1. Tadbirkorlarni qaysi mamlakatlardan kelganligini inobatga olish – reklama kanallarini samaraliroq ishlatishga yordam beradi, bizning target auditoriyamizga odatiy bo’lgan joyda e’lonlarimizni ko’rsatish imkonini beradi (qaysi reklama kanallarini ishga tushirganimiz yaxshi? target auditoriyamiz odatlari qanday va ularga qanday qilib yaqinroq bo’lishimiz mumkin? qabilidagi savollarga javob).
    2. Tadbirkorlik subyektlarining soni B2B bozor xajmini to’liqroq anglab yetishga yordam beradi (B2B tovar/xizmatlarini taklif qilish uchun bozor xarmi qay darajada, kimlarga taklif qilsa bo’ladi? qabilidagi savollarga javob).

    Raqobat darajasi va UsmonDigital statistikasi

    Google va Yandex qidiruv tizimlardagi raqobat darajasi va B2B-ning ayrim yo’nalishlari kesimida UsmonDigital statistikasiga asoslangan klik narxlarini quyidagi jadvalga jamladik:

    B2B biznes turiGoogle-da raqobat darajasi / Indeksning o‘rtacha ko‘rsatkichiYandex-da raqobat darajasi [UD kuzatuvi]CPC Google [UD statistikasi]CPC Yandex[UD statistikasi], QQS bilanYandex va Google o‘rtasidagi farq
    Biznes uchun xizmatlar (Buxgalteriya)O’rta/ 44O’rta$3,24$2,08-36%
    LogistikaO’rta, Yuqoriga yaqin/ 60O’rta$1,10$0,67-39%
    IT ishlab chiqish (saytlar)O’rta/ 50Yuqoriga yaqin $1,10$2,24+104%
    Biznes avtomatizatsiya (CRM, Telefoniya)O’rta / 41Past$2,14UD statistikasi yo’q UD statistikasi yo’q  
    Jadval 3. Qidiruv tizimlari bo‘yicha raqobat darajasi va UsmonDigital CPC qiyosiy statistikasi.

    Qiyosiy jadvalga izohlar:

    1. Google qidiruv tizimida joriy raqobat darajasi va indeksi Google-ning maxsus “Natijalarni rejalashtirish” instrumenti yordamida aniqlandi, Yandex-da bu kabi instrument yo’qligi sababli, Yandex qidiruvida raqobat darajasi amaliy kuzatuvlarimiz asosida chiqarildi;
    2. Google-da raqobatning indeks darajasi 0 dan 100 gacha baholanadi, indeks ko’rsatkichi yuqoriligi raqobatning zichligini belgilab beradi;
    3. O’rta klik narxlarini aniqlashda har bir B2B yo’nalishi bo’yicha Google yoki Yandex-da konversiya olib kelgan kalit so’zlar oxirgi 12 oy davri uchun tahlil asosida chiqarildi [May 2025 – Aprel 2026] va ikkala tizimda ham «birga-bir» yoki juda yaqin bo’lgan kalit so’zlar ishtirok etdi.

    Klik narxi bo’yicha alohida izohlar

    Yuqoridagi jadvalda ko’rishingiz mumkinki klik narxi raqobat darajasi (raqobatchilar zichligi) bilan to’g’ridan-to’g’ri bog’liq emas, misol uchun buxgalteriya xizmatlariga oid yo’nalishda raqobat indeksi 44 (o’rta) va konversion kalit so’zlar bo’yicha CPC o’rta narxi UsmonDigital statistikasi bo’yicha 3,24$ teng bo’ldi, Logistikada esa raqobat darajasi yanada yuqoriroq bo’lganiga qaramay (indeks ~ 60) klik narxi o’rtacha 1,10$ tashkil qilgan. Bu nimani anglatadi? 

    Google-da Minimal e’lonlar reytingi tushunchasi mavjud bo’lib, ushbu ko’rsatkich e’lonlar auksionda qatnashadimi yo’qmi, ya’ni reklama natijalarida ko’rsatiladimi yo’qmi, belgilab beradi. Endi bu ko’rsatkich bo’yicha hozirda bizga tegishli qismi shuki, uning shakllanishida boshqa bir nechta parametrlar bilan bir qatorda Qidiruv mavzusi va xarakteridegan tushuncha mavjud va ushbu ko’rsatkich biznes turidan kelib chiqib belgilanadi. Bu haqda Inshaalloh, keyinroq O’zbekiston uchun benchmarklarni chiqarganimizda batafsil to’xtalamiz, hozircha Google rasmiy sahifasidan iqtibos bilan kifoyalanib turamiz:

    “Minimal reyting qidiruv so‘rovlarining xususiyatlariga bog‘liq. Masalan, to‘y bilan bog‘liq so‘rovlar va to‘qishni o‘rganish so‘rovlari uchun turli reytinglar qo‘llaniladi.”

    Yana ham tushunarliroq bo’lishi uchun, quyidagicha izoh berish mumkin: sizning yo’nalishingiz bo’yicha reklamada umuman raqobatchingiz bo’lmasa ham klik uchun narx nisbatan baribir qimmat bo’lishi mumkin, agar sizning biznesingizda Miminal reyting ko’rsatkichi yuqori bo’lsa.

    Shundan kelib chiqib, aytishimiz mumkinki klik narxi bu dastlabki, yuzaki ko’rsatkich va reklama sarmoyasini to’g’ri baholash uchun lid narxi, mijoz narxi, LTV, ROMI/ROI, yunit-ekonomikani hisobga olish maqsadga muvofiq bo’ladi, hoynahoy ushbu chuqurlik darajasida natijalarni tahlil qilolganlar targ’ibot kanallaridan ongli, to’g’ri qarorlar qabul qilish va samarali natijalar olish ustunligiga ega bo’ladilar.

    Qidiruv tizimlarining O‘zbekistondagi potensiali

    Internet foydalanuvchilarining Qidiruv tizimlari kesimida xulq-atvorlari shakllanishi haqida yana bir og’iz gapirib o’tish kerak. Ushbu pattern odatda qiyin boshqariladi, chunki qidiruv tizimlari biz uchun odatda qurilmalar ishlab chiqaruvchilari tomonidan oldindan tanlanadi, ya’ni brauzer va qidiruv tizimi «zavoddan» standart o’rnatiladi va o’rnatilgan qidiruv tizimlariga foydalanuvchilar beixtiyor ko’nikib qoladilar va aksariyat foydalanuvchilar boshqa qidiruv tizimlari borligi haqida ham ma’lumotga ega bo‘lmaydilar.

    Shu sababli foydalanuvchilar patternini o’zgartirish murakkab masala hisoblanadi, buning uchun qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Bing kabi kompaniyalar) qurilma ishlab chiqaruvchilari bilan shartnoma tuzilishlari kerak (aksar holatda bu juda qiyin masala) yoki qidiruv tizimlarini ommalashtirishga harakat qilishlari mumkin – buning eng yaxshi yo’li produktlarni maksimal mahalliylashtirish bo’lsa kerak, Yandex O’zbekistonda hozir aynan ushbu pozitsiyada faoliyat olib bormoqda va bu YoY-dinamikasida ham ijobiy siljish bilan namoyish bo’lib turibdi (+15%).

    Shu o’rinda Google-ni ham O’zbekistonga qiziqishini past hisoblab bo’lmaydi va tegishli harakatlarini ham yuqoriroqda ko’rib chiqdik, taqsimotning o’zgarish tezligi esa buyog’iga qidiruv tizimlari kompaniyalari tomonidan mahalliy bozorga fokus va yetarli resurs ajratishlariga bog’liq bo’lsa kerak.

    Xulosalar / Optimal strategiya

    Yakuniy xulosalarni qilishimiz osonroq bo’lishi uchun barcha tahlil qilingan Qidiruv tizimlari parametrlarini bir jadvalga jamlaymiz:

    Qidiruv tizimi parametrlariGoogle QidiruvYandex Qidiruv
    Bozor ulushi71,9%25,6%
    Mahalliylashtirish darajasiQismanNisbatan maksimal
    Yillik o‘sish dinamikasi (YoY)-5,4%+15,3%
    Raqobat darajasiAsosan yuqoriHozircha past
    CPC solishtiruvi (UD statistikasi)$1,10 dan $3,24 gacha$0,67 dan $2,24 gacha
    Tizimlarning O‘zbekistondagi faolligiHozircha pastYuqori
    Jadval 4. O’zbekiston bozori uchun Google va Yandex qidiruv tizimlarining yakuniy solishtiruv jadvali.

    Demak, O’zbekistondagi B2B bizneslari uchunqidiruv reklamalarini quyidagi strategiya bilan ishga tushirish eng optimal yechim bo’ladi (hoynahoy 2-3 oy sinab ko’rish maqsadga muvofiq bo’ladi):

    Parametrlar Tanlov bo’yicha tavsiyalarIzoh / Asos
    Qidiruv tizimlari Google + YandexMaksimal qamrovga ega bo’lish imkoniyatini beradi: Google 71,9% + Yandex 25,6%.
    Target Tillar Rus + O’zbek + Ingliz tilida (joiz bo’lsa) Foydalanuvchiga yaqinroq, tushunarliroq bo’lish imkoniyatini beradi va o’zbek / ingliz tillarida hozirda raqobat pastligini hisobga olsak, lid / sotuvlarni ham arzonroq olish imkoniyatini berishi mumkin.
    Terget Geo Butun O’zbekiston bo’ylabBugungi kunda viloyatlarda ham B2B xizmatlariga talab oshib bormoqda va hozirda qidiruv natijalarida raqobat poytaxt-ga nisbatan pastroq. Biznes masofaviy xizmat ko’rsata olsa yoki tegishli filiallari bo’lsa, qidiruv reklamalarini butun O’zbekiston bo’ylab ishga tushirish mijozlar bazasini kengaytirishga va kamroq xarajat bilan qo’shimcha mijozlarni jalb qilish imkoniyatini berishi mumkin.
    Foydalanuvchilar patternlariChet ellik foydalanuvchilar patternlarini ham inobatga olishBu nafaqat O’zbekiston miqyosida, balki o’sha tadbirkorlar ona vatanlarida ham ularga odatiy bo’lgan qidiruv tizimlarida yurtimiz tadbirkorlari tovar va xizmatlarini samaraliroq namoyish qilish imkoniyatini beradi. 
    Jadval 4. O’zbekistondagi B2B bizneslari qidiruv reklamalari bo’yicha tavsiya qilingan strategiya.

    Ushbu tahlillarimiz sizga to’g’ri qarorlar qabul qilishda birmuncha bo’lsa ham yordam bera oladi deb umid qilamiz. Sizga esa o’z biznesingizni sifatli yangi darajaga olib chiqishga harakat qiliayotganingiz uchun, mijozlaringizni patternlarini va ularning muammo va ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishga harakat qilayotganingiz uchun tashakkurlarimizni bildiramiz!

    Himmatingiz baland, rizqingiz barokatli, biznesingiz qat’iy fundamentga ega va Jamiyat uchun manfaatli bo’lishini tilab qolamiz!


    Tadbirkorlik – bu harakat va ulkan masuliyat,

    Yurt rivoji, yelkasida turadi Jamiyat!

    Bananxo‘rlar biznesi emas bizning aslimiz,

    Ilm ila faxri olam bo’lgan Yurtdoshlarimiz!


    Manbalar

    1. UsmonDigital jamoasi tajribasi, keyslari va ma’lumotlar bazasi. 
    2. https://gs.statcounter.com/search-engine-market-share/all/uzbekistan – O‘zbekistonda qidiruv tizimlari bozoridagi ulushi | Statcounter GlobalStats servisi.
    3. https://ads.google.com/aw/keywordplanner/home – Google kalit so‘zlarni rejalashtirish instrumenti.
    4. https://wordstat.yandex.com/ – Yandex qidiruv so‘rovlari ommabopligini baholash servisi.
    5. https://direct.yandex.ru/registered/main.pl?cmd=advancedForecast – Yandex byudjetini prognozlash instrumenti.
    6. https://support.google.com/google-ads/answer/6333734?hl=ru – “Google Ads interfeysida mavjud tillar” sahifasi.
    7. https://developers.google.com/google-ads/api/reference/rpc/v21/KeywordPlanCompetitionLevelEnum.KeywordPlanCompetitionLevel – Kalit so‘zlar rejasi bo‘yicha raqobat darajasi hisoboti tushunchasi [Google Ads API texnik hujjati].
    8. https://support.google.com/google-ads/answer/7634668?hl=ru – Minimal e’lonlar reytingi haqida [Google Ads rasmiy ma’lumotnomasidan].
    9. https://stat.uz/ru/press-tsentr/novosti-goskomstata/67814-zbekistonda-chet-el-kapitali-ishtirokidagi-korkhonalar-soni-19-mingtadan-oshdi-3 – O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi saytidagi yangilik: O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 19 mingtadan oshdi [16.04.2026].
    10. https://stat.uz/ru/press-tsentr/novosti-goskomstata/67340-zbekistonda-mchzhlar-soni-331-mingdan-oshdi-3 – O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi saytidagi yangilik: O‘zbekistonda MCHJlar soni 331 mingdan oshdi [13.03.2026].
    11. https://stat.uz/uz/matbuot-markazi/qo-mita-yangiliklar/67775-o-zbekiston-respublikasidagi-korxona-va-tashkilotlar-demografiyasi-bo-yicha-ma-lumot-24 – O‘zbekiston Respublikasida korxona va tashkilotlar demografiyasi bo‘yicha maʼlumotlar. Aprel, 2026-yil holatiga.
    12. https://www.wordstream.com/blog/2025-google-ads-benchmarks – WordStream analitik hisoboti: Google Ads-ning 2025-yilgi Benchmarklari: Har bir soha uchun raqobatga oid ma’lumotlar va tahlillar.

    B2B marketing yangiliklariga obuna bo‘ling

    • Ekspertiza • Yangiliklar • Keyslar • Tahlillar


    B2B biznesingizni tizimli rivojlantirishga tayyormisiz?

    Qisqa brifni to‘ldiring. Biz loyihangizni o‘rganib chiqamiz va agar u bizning yo‘nalishimizga mos kelsa, birinchi uchrashuvgacha sohangizdagi bozor ko‘rsatkichlari asosida tegishli marketing strategiya, dastlabki saytingiz auditi va tijorat taklifini tayyorlab qo‘yamiz. Bu vaqtingizni tejaydi va strategik qaror qabul qilish uchun real prognozlarni beradi.

  • Yunit-ekonomikani hisoblash nima uchun muhim?

    Yunit-ekonomikani hisoblash nima uchun muhim?

    1. Yunit-ekonomika o’zi nima?

    Sodda qilib aytganda Yunit-ekonomika – bu biznesning har bitta (“unit – birlik”) dona sotuvi, mijozi yoki xizmati va mahsuloti asosida hisoblangan kompaniyaning daromadliligi ko’rsatkichi. Bu darajadagi chuqurlashtirilgan tahlil biznes uchun nima sababdan muhimligini ushbu maqolada yoritib o’tishga harakat qilamiz.

    2. Yunit-ekonomikani hisoblash

    Yunit-ekonomikani hisoblash uchun quyidagi ma’lumotlarga ega bo’lishingiz kerak:

    • LTV (Lifetime Value) – Mijozning hayotiy qiymati ya’ni mijoz sizning biznesingiz bilan butun hamkorlik qilish davrida jami qancha daromad olib keladi. LTV-ni hisoblash uchun odatda quyidagi ko’rsatkichlar kerak bo’ladi:
      • AOV (Average Order Value) – O’rtacha chek;
      • Xaridlar takroriyligi;
      • Mizojning hamkorlik qilish o’rtacha davri.
    • CAC (Customer Acquisition Cost) – Mijozni jalb qilish narxi, ya’ni bitta mijozni jalb qilish nech pulga tushayapti;
    • Yunit-ekonomikaning asosiy ko’rsatkichi bu LTV-ni CAC-ga nisbati va ushbu nisbat 1 dan yuqori bo’lsa tahlil qilinayotgan yunit foyda keltirayotgan hisoblanadi, ya’ni yunit-ekonomikani hisoblash formulasi:

    Yunit-ekonomika=LTV/CAC

    3. Unit-ekonomikani hisoblash namunasi

    Aytaylik sizning mahsulotingiz bu Buxgalteriya xizmatlari. Ushbu xizmat turi bo’yicha unit-ekonomikani hisoblash 3 bosqichda amalga oshiriladi:

    1-chi bosqich: LTV-ni aniqlash

    • Misol tariqasida xizmatlar bo’yicha o’rtacha chek 3 mln / oyiga so’mni tashkil qiladi deb olamiz;
    • Mizojlarni kompaniya bilan hamkorlik qilish davrini esa o’rtacha 1 yil deb olamiz, ya’ni 12 oy.
    • Shunda:

    LTV = 3 mln * 12 = 36 mln so’m

    – demak, hozirda 1 mijozning butun hamkorlik davrida kompaniyaga olib keladigan o’rtacha daromad summasi 36 mln so’mni tashkil qildi.

    2-chi bosqich: CAC-ni hisoblash

    • CAC-ko’rsatkichini aniqlashda mijozlarni jalb qilish uchun qilingan barcha xarajatlarni jamlash o’rinli bo’ladi, faqat bunda muhim jihat – qaysi xarajatlarni qo’shmaslikni ham tushunib olish maqsadga muvofiq bo’ladi. Qaysi xarajatlarni qo’shish yoki qo’shmaslikni aniqlashning oddiy usuli bu o’zingizga savol berib ko’ring: “Agar ushbu oyda yangi mijozlarni jalb qilishga harakat qilmaganimizda ko‘rib chiqilayotgan xarajat bo’lar edimi yoki yo’qmi?». Agar javob “yo’q” bo’lsa, uni CAC-ga qo’shish kerak.
    • LTV asosan biznes turi va sotuv davri uzunligidan kelib chiqib hisoblanadi, kvartal yoki yillik chastotada hisoblanishi mumkin, o’z navbatida bu CAC-ning ham xarajatlarini qaysi davr uchun inobatga olinishini belgilab beradi. Biz ko’rib chiqayotgan misolda konsalting biznesi uchun sotuv davri o’rtacha uzunligini hisobga olgan holda LTV-ni kvartal chastotasi bilan hisoblash maqsadga muvofiq bo’ladi. Aytaylik, o’tgan kvartalda (3 oy) mijozlarni jalb qilish uchun bo’lgan xarajatlar quyidagicha bo’ldi:
      • Reklama byudjetlari: 100 mln so’m;
      • Reklama agentligi xarajatlari: 18 mln so’m;
      • Sotuv menejeri ish haqi: 18 mln so’m;
      • Kontent-marketing xarajatlari (agar alohida mutaxassis yollangan bo’lsa, lekin aslida kontentni (ekspertiza, keyslar) kompaniya ekspertlarining o’zlari tayyorlasalar natija samaraliroq bo’ladi, agar sizning fikringiz yoki tajribangiz boshqacha bo’lsa izohlarda qoldiring): 15 mln so’m;
      • CRM-tizim: 600 ming so’m;
      • Calltracking xizmati: 1 mln so’m;
      • Sotuv bo’limi va kontent-menejeri uchun ofis arenda xarajatlariga to’g’ri keladigan qismi: ≈ 4,5 mln so’m.
      • Jami: 157,1 mln so’m.
    • Jalb qilingan mijozlar soni – 20 ta;
    • Demak,

    CAC = 157,1 mln / 20 = 7,9 mln so’m,

    – ya’ni o’tgan kvartalda 1-ta mijozni jalb qilish 7,9 mln so’mga (bugungi kun hisobi bilan 633$)ga to‘g‘ri kelgan.

    3-chi bosqich: Yunit-ekonomikani hisoblash

    Yunit-ekonomika yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek bu LTV-ni CAC-ga nisbati:

    LTV/CAC: 18 mln / 7,9 mln = 2,3

    – bu degani har bir mijoz, uni jalb qilishga ketgan xarajatga nisbatan 2,3 barobar ko’proq daromad olib keladi (mizojni hamkorlik qilish davri o’rtacha 1 yilni tashkil qilganda), agar LTV ko’proq bo’lsa o’z navbatida daromad nisbati ham ko’payib boraveradi. Endi tasavvur qiling agar biznes LTV-ni va Yunit-ekonomikani hisobga olmasdan faqat CAC-ko’rsatkichiga e’tibor qaratsa, bu qanday xulosalarga olib kelishi mumkin: reklama o’zini qoplayolmayapti, sotuv bo’limidan, kontent marketingdan yoki maxsus instrumentlardan (crm, calltracking, yagona tahlil «skvoznaya analitika”)dan foyda yo’q va umuman biznesni yopish kerak degan sayoz xulosalar kelib chiqishi mumkin.

    Xulosa

    Bugungi raqobat kuchli bo’lgan paytda va ayniqsa B2B segmentda mijoz darhol emas, balki bir necha oydan (biz ko’rib o’tgan misolda 7,9 mln / 3 mln ≈ 3 oy) keyin kompaniyaga foyda olib kelishi bu normal holat va endi keyingi foyda hajmini o’sishi LTV ga bog’liq bo’ladi, LTV esa mijozning kompaniya xizmatlaridan mamnunligi va mijoz bilan bo’lgan aloqalar sifatiga bog’liq bo’ladi, bu zamonaviy til bilan aytganda ham «challenge», ham zamon talabi, ham rivojlanish – kompaniya xizmatlari, mijozlar bilan aloqalarni sifatini oshirish va raqobatchilardan ustunlikni qo’lga kiritish uchun kuchli imkoniyat.

    Agarda sizga xizmat yoki mahsulotlaringizning yunit-ekonomikasini hisoblashda yordam kerak bo’lsa yoki kompaniyangiz uchun batafsil marketing tahlilini va targ‘ibot strategiyasini ishlab chiqishda yordam kerak bo’lsa tortinmasdan bizga murojaat qiling: Ariza qoldirish.