Yandex Direct-da kengaytirilgan geotargeting o‘chirildi: Nima o‘zgardi, qanday boshqariladi va UsmonDigital keysi

31-avgust kuni Yandex Direct geografik targetlash tizimida muhim yangilikni e’lon qildi. Endilikda reklamalarni sozlashda «Kengaytirilgan geografik targetlash» tugmasi kabinetlardan butunlay olib tashlandi.

Ushbu maqolada yangilikning mohiyati, “kengaytirilgan geografik targeting”ni boshqarishning muqobil usullari hamda UsmonDigital jamoasining Medi Unex B2B loyihasidagi amaliy keysi va strategik xulosalarini tahlil qilamiz.

Rasmiy yangilik: Yandex algoritmlarida nima o‘zgardi?

Yandex Direct vakillarining ta’kidlashicha, zamonaviy foydalanuvchilar bir joyda muqim bo’lishmaydi – ular shaharlar va davlatlar o‘rtasida safaralarda bo’lishlari mumkin. Shu sababli, kengaytirilgan geo-targetlash funksiyasi alohida sozlama emas, balki standart geotargetingning ajralmas qismiga aylantirildi.

Yandex Direct rasmiy yangiligiga ko‘ra, yangi algoritm real vaqt rejimida quyidagi signallarni tahlil qiladi:

  • Foydalanuvchining joriy geolokatsiyasi (hatto geolokatsiya yashirilgan yoki o‘zgartirilgan bo‘lsa ham).
  • Qidiruv so‘rovlarining konteksti (masalan, Moskvada turib «Toshkentda logistika xizmati» deb qidirish).
  • Avvalgi xaridlar va xulq-atvor tarixi (muntazam ravishda qaysi hududdan xaridlar amalga oshirishi).

Yandex va’da qilayotgan afzalliklar:

  • Geolokatsiyani uzatmaydigan yoki o’zgartirib ishlatadigan foydalanuvchilarni qamrab olish (VPN foydalanuvchilari shular jumlasidan).
  • Boshqa hududda vaqtincha (xizmat safarida) bo‘lib turgan, lekin maqsadli hududda xarid qiluvchi auditoriyani yo‘qotmaslik.

Amaliy tahlil

Nazariy jihatdan bu konversiyalar sonini oshirishi kerak, ammo amaliyotda har bir B2B soha uchun ham ushbu avtomatlashtirish mos kelmasligi mumkin. PPC-hamjamiyatidagi texnik tahlillarni o‘rgangan holda, ushbu yangilanishdagi quyidagi tuzoqlarni ajratib ko‘rsatish mumkin:

  1. Hududiy korrektirovka mantig‘i va -90% cheklovi:
    • Sozlamalarda kengaytirilgan geoni o‘chirish tugmasi yo‘qligi sababli, Yandex-da standart holatda «Hududlar bo‘yicha korrektirovka» orqali nojo‘ya hududlarni cheklashni imkoniyati mavjud.
    • Kamchiligi: Yandex-da ushbu geografik korrektirovkalarga maksimal -90% limit qo’yilgan. Bu usul bilan reklamani nojo‘ya hududlarda -100% qilib, butunlay to‘xtatib bo‘lmaydi.
    • Murakkabligi: Maqsadli bo‘lmagan hududlardan keladigan trafikni boshqarish uchun har bir shahar va davlat bo‘yicha korrektirovkalarni qo‘lda kiritib chiqish talab etiladi. «Targ‘ibot hududidan tashqari barcha joylar» degan universal tugma yo‘q.
  1. Qanday tekshirish kerak?
    • Kengaytirilgan geoga qarshi kurashish shartmi-yo‘qligini bilish uchun Hisobotlar bo’limida «Target Hudud» va «Foydalanuvchi joylashuvi» kesimlarini solishtirish lozim. Agar maqsadli bo‘lmagan hududlardan kelayotgan konversiya darajasi (CR) va lid narxi (CPA) yunit-ekonomikaga yaqqol to’g’ri kelmasa – cheklov choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq aks holda bir muddat kuzatish o’rinli bo’ladi (bu mavzuni batafsilroq pastki bo’limlarda yoritamiz).

UsmonDigital Keysi: Medi Unex loyihasi amaliyoti

Biznes uchun bir martalik sarf materiallari hamda shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqaruvchisi va B2B e-commerce yetkazib beruvchisi hisoblangan Medi Unex loyihamizda qiziq holat yuzaga keldi: mijozimizning Rossiyada joylashgan mutaxassislari O‘zbekiston hududi uchun mo‘ljallangan reklama e’lonlarini ko‘rishayotgani bo‘yicha xabar berishdi (ular O‘zbekistonga kelib-ketib turishgani sababli Yandex ularni maqsadli auditoriya deb hisoblagan).

Ushbu holatda biz Yandex taqdim etgan standart -90%li cheklov-dan biroz boshqacharoq yo’l tutdik:

  1. Yandex Metrika segmentatsiyasi: Dastlab Yandex Metrikada O‘zbekistondan tashqari barcha davlatlardan kirgan foydalanuvchilar bo’yicha segment yaratib oldik.
  2. YD Auditoriya korrektirovkasi (-100%): Yandex Direct-dagi «Auditoriyani tanlash shartlari« bo‘limi orqali yaratilgan segmentga -100% stavka korrektirovkasi o‘rnatildi. Bu geografik cheklovdan farqli ravishda, Yandex interfeysida to‘liq -100% bloklashga ruxsat beradi.
  3. Qat’iy minus-so‘zlar: Barcha kampaniyalarda (Retargeting kampaniyasidan tashqari) xalqaro toponimlar (shahar va davlat nomlari) qat’iy minus qilindi. 

Natija:

Yandex Metrika ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu optimallashtirishdan so‘ng O‘zbekiston ichki trafigining tozalik ulushi quyidagicha o‘zgardi:

  • Optimallashtirishgacha (12–15 sentyabr): O‘zbekiston trafigi ulushi 95,95%.
  • Optimallashtirishdan so‘ng (19–22 sentyabr): O‘zbekiston trafigi ulushi 96,77%.
  • O‘sish: Trafik tozaligi +0,82% ga oshdi.

Chet el trafigi 100% bloklanmaganligi sabablari quyidagilar hisoblanadi:

  • 1. Segment korrektirovkasi foydalanuvchi 2-chi tashrifidan boshlab amal qiladi;
  • 2. Biz Retarget kampaniyasi uchun chet el toponimlarini maqsadli ravishda «minus”  qilmadik.

Ikki usul taqqoslamasi: Standart va UsmonDigital Yechimi

Ko‘rsatkich / SozlamaStandart Hududiy KorrektirovkaUsmonDigital Yechimi (Metrika Segmentatsiyasi)
Maksimal cheklovMaksimal -90% (Yandex sun’iy limiti mavjud)To‘liq -100% (Auditoriya segmentlarida to’liq cheklov ruxsat berilgan)
Sozlash murakkabligiHar bir shahar/davlatni qo‘lda kiritish talab etiladiTarget hududdan tashqari barcha davlatlar 1 segment yordamida bloklanishi mumkin
NatijaNojo‘ya trafikning 10% qismi baribir o‘tib turadiNojo‘ya trafik amalda to‘liq bloklanadi (2-chi tashrifdan boshlab)

Qo’shimcha izoh: Biz qo’llagan yechimda ham chet el trafigi darhol 100% cheklanmaydi, “Auditoriya korrektirovkasi” chet eldan kirgan eski foydalanuvchilar uchun va yangi kirishi mumkin bo’lgan foydalanuvchilarning ikkinchi tashrifidan boshlab amal qiladi.

Strategik xulosa

Medi Unex keysida biz mijozning aniq so‘rovi va xavotirini bartaraf etish uchun ushbu filtrlashni amalga oshirdik.

Biroq, B2B marketingda muhim jihat bor:

Chetdan kelayotgan 3–4% trafik har doim ham «samarasiz xarajat» emas. B2B segmentida VPN-dan foydalanishi mumkin bo’lgan xarid bo‘limi rahbarlari, xizmat safaridagi qaror qabul qiluvchi shaxslar va chet ellik hamkorlar aynan ushbu «kengaytirilgan geo» orqali bizni topishlari va qiymati yuqori bo’lgan B2B shartnomalarni tuzishlari mumkin.

Ortiqcha filtrlash oqibatida 3-4% chet el kliklaridan 50-60$ tejayman deb, qiymati taqqoslab boʻlmaydigan darajada koʻp bo‘lgan yirik B2B shartnomalarni yo‘qotish xatari bor.

Bizning tavsiyalar:

  • Qaror qabul qilishda raqamlarga tayanish to’g’riroq bo’ladi, aynan ushbu vaziyatda Kengaytirilgan geografik targetlash zarar hajmini “Foydalanuvchilar joylashuvi” hisobotlari orqali o’rganish va «o’lchab” ko’rish mumkin.
  • Agar chet el trafigidan foydali lidlar olish ehtimoli bo’lsa, uni sun’iy ravishda -100% bloklashga shoshilmaslik samaraliroq bo’lishi mumkin.
  • Marketingda shunchaki «kliklar tozaligi» uchun emas, balki har bir so’m reklama investitsiyasining real biznes ko‘rsatkichlariga (CAC, LTV, ROMI) ta’sirini inobatga olib qaror qabul qilish maqsadga muvofiq bo’ladi.

B2B marketing yangiliklariga obuna bo‘ling

• Ekspertiza • Yangiliklar • Keyslar • Tahlillar


B2B biznesingizni tizimli rivojlantirishga tayyormisiz?

Qisqa brifni to‘ldiring. Biz loyihangizni o‘rganib chiqamiz va agar u bizning yo‘nalishimizga mos kelsa, birinchi uchrashuvgacha sohangizdagi bozor ko‘rsatkichlari asosida tegishli marketing strategiya, dastlabki saytingiz auditi va tijorat taklifini tayyorlab qo‘yamiz. Bu vaqtingizni tejaydi va strategik qaror qabul qilish uchun real prognozlarni beradi.