Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz, digital reklama bu sehrli tayoqcha emas va bundan tashqari bu turdagi reklama hattoki sizning biznesingizni aksincha ziyoniga ham ishlashi mumkin. Ushbu maqolada bu haqda Alloh qodir qilgancha fikr yuritamiz va bonus sifatida sehrli bo‘lmagan lekin real ishlaydigan eng samarali reklama turlarining biri haqida gaplashamiz.
Kontekst reklama va umuman Digital-reklama bilan shug‘ullanayotganimizga Inshaalloh mana yaqinda 9 yil bo‘lar ekan va ushbu yillar davomida eng dolzarb muammolardan biri bu Digitial-reklamadan qisqa muddatda katta natijalar kutilish bo‘lib qolmoqda. Albatta Digitial-reklamaning afzalliklari ko‘p: keng qamrov, yuqori aniqlikdagi target imkoniyatlari, har bir tiyinni hisob-kitob qilish imkoniyati va h.k. Lekin! Lekin! Lekin! Boshqa 1001 holatlariga ham ko‘z yumib potensial mijozni jalb qilib ham oldik deylik siz unga sifatli mahsulot, sifatli xizmat ko‘rsatolasizmi? Gap tanishuvdagi yaxshi salom-alik, xushmuomalalik, «xo‘p-xo‘p”, «ho‘p bo‘ladi” haqida ketmayapti, gap ertaga, 1 oydan keyin, 1 yildan keyin sizdan xarid qilingan mahsulot yoki xizmat haqida mijozda qanaqa taassurot qolishi haqida ketyapti! Agar mijoz taasuroti yaxshi bo‘lsa nur ustiga a’lo nur. Lekin aksi bo‘lsa-chi? Agar sizning mijozingizning siz bilan qilgan hamkorlik tajribasi salbiy bo‘lsa-chi? Bunday holatda Digital-reklamani keyinroqqa surib turganingiz yaxshi, chunki mijoz agarda sizning mahsulotingizdan / xizmatingizdan mamnun bo‘lmasa bu holat AntiReklamaga olib keladi, ya’ni bu holatda Digital-reklama yomon mahsulot / yomon xizmatni tez fursatda, balki yashin tezligida, katta auditoriyaga yetkazishga xizmat qiladi. Shuning uchun dastlab mahsulot va xizmat sifatini hech bo‘lmaganda yaxshi darajaga olib chiqish, undan keyin esa uni targ‘iboti bilan shug‘ullanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shu o‘rinda keling endi kirish qismida og‘iz ochganimizdek eng samarali reklama turi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘taylik. Va yana tajriba va kuzatuvlarimizga tayanib aytamizki eng zo‘r, eng samarali reklama turi bu Tavsiyalar – ha, bu sizning xizmatingiz va mahsulotingizdan oldin foydalangan odamlarning o‘z oila a’zolariga, qarindoshlariga, do‘stlariga bergan tavsiyalari. Kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki tavsiyalar orqali kelgan Lidlar shartli tekin (siz birinchi mijozga yaxshi mahsulot / yaxshi xizmat ko‘rsatish uchun harakat va xarajat qilasiz), sotuv davri muddati tez (chunki ishonch yuqori) va mijoz bilan keyingi muloqot oson (tavsiya qilgan odam siz haqingizda yaxshi gaplar aytgan) va o‘zi ham boshqalarga tavsiya qilishga tayyor (mahsulot/xizmatni kutilgan darajada bera olsangiz) bo‘lgan eng qimmatli mijozlarga aylanadi.
Xulosa qilib aytamizki, o‘z mahsulotingizni / xizmatingizni reklama qilishga shoshilmang, dastlab sinovdan o‘tkazing, tajriba orttiring, mijozlardan birinchi izohlarni / baholarni oling, ular ijobiy bo‘lsa mana endi Bismillah deb bizga murojaat qilsangiz bo‘ladi va keyingi qadamlarni – reklama strategiyasini, samarali targ‘ibot uchun kerakli bo‘ladigan harakat va instrumentlarni birgalikda asta-sekin tatbiq qilib boramiz Inshaalloh.
Siz yuqoridagi mulohazalarimizga, kuzatuvlarimizga qo‘shilasizmi yoki yo‘q? Fikringizni quyida qoldiring.
